Buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning til haqida quyidagi so‘zlari bor: “Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oynayi hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdir”. Ma’lumki, o‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviyat bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili-bu millatning ruhidir. Ona tilimizga bo‘lgan muhabbat onaga, vatanga, millatga va eng asosiysi O‘zbekistonning buyuk kelajagiga bo‘lgan e’tibordir. Ana shu maqsadda 2019-yil 18-oktyabr kuni Forish tuman Madaniyat bo‘limi kutubxonasida O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilgan kunning o‘ttiz yilligi munosabati bilan “Ona tilim- g‘ururim” nomli kitobxonlar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 1-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot o‘qituvchisi Nafisa Mirkomilova so‘zga chiqib, ona tilimizning tarixi uning boshdan kechirgan kechmishlari, armonlari suvrati, umidlarimiz ovozi borligini gapirib o‘tdi. Shuningdek tadbir davomida madaniyat bo‘limi kutubxonachisi Mamlakat Ro‘ziqulova va tuman ko‘zi ojizlar kutubxonasi kutubxonachisi Dilbar Xudoyqulovalar “Til millat ko‘rki” mavzusida ma’ruza qildilar.
Tadbirda faol kitobxonlar Farangiz Husanova, Dildora Haydarova, Shahzoda Bozorova, Zarinalar Normuhamedova, Lazizbek Hurrambekov, Safiya Usmonova, Alisher Omondullayev, Ziyoda G‘afforova, Nafosat Qurdoshevalar ona tilimizning hayotdagi o‘rni va ahamiyati haqida o‘z tushunchalarini bayon etishdi hamda “Vatan”, “Til” to‘g‘risidagi she’rlarni o‘zbek va ingliz tillarida aytib berishdi.
Mavzu yuzasidan Kutubxonada “Til-millatimiz ramzi” nomli kitob ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Tadbir yakunida faol ishtirok etgan tadbir ishtirokchilariga tuman madaniyat bo‘limi kutubxonasi tomonidan faxriy yorliqlar topshirildi.