Umr va ijod yo‘llarini bir-biri bilan bog‘lagan, hamon avlodlarga sadoqatda ibrat bo‘luvchi ikki siymo Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning ismlari hamisha yonma-yon aytiladi. Adabiyotga oshufta, mehr, vafo, samimiyat, muhabbat tuyg‘ulariga qalbi makon bo‘lgan, qo‘liga endigina qalam olib,qog‘oz qoralagan izdoshlarini ko‘rganda ko‘ngli osmon bo‘lgan, ijodi benihoya go‘zal xalqning asl farzandlari yurak-yuragimizdan o‘rin egallagan. Ularning nomini abadiylashtirish maqsadida yurtboshimiz tashabbusi bilan maktab-internati tashkil etildi va bundan ko‘zlangan asosiy maqsad Hamid Olimjon va Zulfiyaxonimning izdoshlarini kamol toptirish, iqtidorli yoshlarga ko‘maklashish va yetarli shart-sharoitlarni yaratib berishdan iborat. Oktyabr oyi “Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim oyligi” deb e’lon qilinishi hamda ularning hayoti va ijodini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish maqsadida 2019-yil 26-oktyabr kuni Madaniyat bo‘limi kutubxonasida ko‘zi ojizlar kutubxonasi, 1-umumta’lim maktabi bilan hamkorlikda “Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim izdoshlarimiz” nomli tadbir o‘tkazildi.
Kutubxonada Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim asarlaridan “Baxt va shodlik kuychisi”, “Sevgi va sadoqat kuychisi” nomli kitob ko‘rgazmalari tashkil etildi. Tadbirni kirish so‘zi bilan Madaniyat bo‘limi kutubxonachisi Ro‘ziqulova Mamlakat ochib berib, Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim hayoti va ijodi yo‘llari haqida qisqacha ma’lumot berib o‘tdi.
Faol kitobxonlar Nurmatova Sevinch, Ergasheva Dildora, Baxodirova Jasmina, Normuhamedova Muhlisa, Savronov Shaxriyor, Hayitov Muhammad, Madurov Doniyor, Zarpullayeva Komila, Ibragimova Dilzoda, Sayfuddinova Parizoda,Yigitaliyeva Munisalar Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim ijodi va faoliyati, “O‘rik gullaganda”,”Xayrlashuv”, “Bahor keldi seni so‘roqlab”,”Ko‘rganmiding ko‘zlarimda yosh?”, “Eng gullagan yoshlik chog‘imda”,”Xayolimda bo‘lding uzun kun…”, ”Sen tug‘ilgan kun” she’rlarini ijro qilib berdilar hamda Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim ijod maktabini tashkil etilishi va uning maqsadlari haqida o‘z fikrlarini aytib o‘tishdi.
Tadbir davomida Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim ijodi va faoliyatiga oid savol-javoblar ham bo‘lib o‘tdi. Tadbir yakunida ko‘zi ojizlar kutubxonachisi D.Xudoyqulova, 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi N.Rustamova so‘zga chiqib, tadbir haqidagi o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, tadbirda faol ishtirok etgan ishtirokchilarga tuman Madaniyat bo‘limining esdalik sovg‘alarini topshirdi.