Taqdirlarni o’zgartirgan tashabbus

“Hali maqtanarli ish qilganimiz yo‘q”

Keyingi safarimiz Forishga bo‘ldi. Bu manzilga yo‘l olar ekanmiz, pag‘a-pag‘a qor yog‘a boshladi. O‘ydim-chuqur yo‘llar, tuman markazidagi tirbandlik bir oz asabimizni buzganini hisobga olmasa, mahalliy hokimiyat binosini tezda topib bordik. Qabulxonada hokimni qizg‘in ish ustida uchratdik. Yigirma-o‘ttiz chog‘li odamga zarur vazifalarni batafsil tushuntirayotgan ekan. Ularning gap-so‘zlaridan bildikki, aksariyat tadbirkorlar o‘z muammolariga yechim izlab shu yerga kelishgan ekan. 

— Hali matbuotda yoritadigan biror maqtanarli ish qilganimiz yo‘q, — deydi Forish tumani hokimi Abdivali Mustanov. — Mana, agar idoramizga kelguncha e’tibor bergan bo‘lsangiz, tuman markazi — Bog‘donni shaharcha deb bo‘lmaydi. Qishloqqa o‘xshaydi. Yo‘llari ta’mirtalab, tor. Boz ustiga, markazda joylashgan bozor tirbandlikni yuzaga keltirmoqda.

Tumanimiz yer maydoni jihatidan Farg‘ona viloyatiga teng. Viloyatimizning 51 foiz hududi esa Forish hissasiga to‘g‘ri keladi. Biroq suv taqchilligi bois aholi, asosan, lalmikorlik va chorvachilik bilan shug‘ullanadi. So‘nggi yillarning qurg‘oqchil kelishi, gapning rosti, odamlarimizni qiynab qo‘ydi.

Prezidentimiz tashrifi doirasida tumanimizda juda katta yangilanish va o‘zgarishlarga tamal toshi qo‘yildi. Jumladan, Forish markazi butunlay qaytadan barpo etiladi. Ko‘rimsiz, guvaladan ko‘tarilgan uylar buzib tashlanib, ikki-uch qavatli zamonaviy binolar qad rostlaydi. Ularning birinchi qavatida turli savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ish boshlaydi. Tikuvchilik sexlari tashkil qilinadi. Shu orqali ham ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Ayni paytda bu boradagi yumushlarga jadal kirishganmiz.

Yo‘llar kengaytirilib, uning ikki tomonida piyodalar uchun alohida yo‘lkalar quriladi. Zamonaviy yoritish chiroqlari o‘rnatiladi. Bundan tashqari, keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari olib boriladi. Bog‘donga kiraverishda 9 gektarlik zamonaviy istirohat bog‘i barpo etiladi. Bu yerda turli ko‘ngilochar attraksionlar, musiqali favvoralar quriladi.

Yana bir yirik loyiha — Karaman suv omborining qurilishidir. Ushbu yirik gidroinshoot ishga tushirilishi natijasida 50 ming gektardan ortiq ekin maydonlarini kafolatli sug‘orish imkoniyati paydo bo‘ladi. Qolaversa, 10 ming gektar maydonda tokzorlar barpo etmoqchimiz. Ushbu loyihaning ham barcha moliyaviy manbalari topilgan.

Forishning bugungi qiyofasini o‘zgartirib, salohiyatini oshiradigan yana ko‘plab loyihalar ustida ish olib boryapmiz. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi va ko‘rsatmalari asosida ro‘yobga chiqarilayotgan bunday yangilanishlar forishliklarning hayotini butunlay o‘zgartirib yuborishiga ishonchim komil.

Temirdan sakkiz baravar yengil, uch marta mustahkam

Odatda, hamkasblarimiz maqolalarini boshlayotganlarida biror noyob loyihaga nisbatan “Markaziy Osiyoda yagona”, “MDHda yagona” kabi ta’riflarni keltirishadi. Cho‘l va tog‘lardan iborat Forishda ham ana shunday e’tirofga mos korxonalar qurilayotganiga tan bermay ilojingiz yo‘q.

— Toshni eritib, undan temir o‘rnini bosuvchi bazalt tolasi ishlab chiqarishni o‘zlashtirdik, — deydi “Mega invest indastrial” qo‘shma korxonasi rahbari Yorqin Tilovov. — Bundan million-million yillar oldin Forish tog‘larida vulqonlar otilib chiqishi natijasida paydo bo‘lgan toshlar, ya’ni bazaltni 1,5 ming daraja issiqlikda eritib, sun’iy lava holatiga keltiramiz. Undan soch tolasi qalinligidan 5-6 barobar ingichka tola olamiz. Ularni ko‘z bilan ilg‘ash qiyin. 222 ta shunday tola birlashtirilib, ip holatiga keltiriladi. Ularni yana birlashtirib, armatura tayyorlanadi. Temirga nisbatan uch marta mustahkam bo‘lishi bilan birga, 8 marta yengil, egiluvchan. Deylik, bazaltdan olingan ikki yuz metrlik armatura, bor-yo‘g‘i, 6 kilogrammni tashkil qiladi. Bundan tashqari, undan plitalar tayyorlashda ham keng foydalaniladi. Pirovardida binolarning zilzilabardoshligi bir necha marotaba ortadi.

Ushbu innovatsion loyiha Yevropa, Rossiya va O‘zbekistonda ilk bor amaliyotga joriy qilindi. Bazaltdan tayyorlangan temir umuman chirimaydi, ya’ni korroziyaga uchramaydi. O‘zidan tok o‘tkazmaydi. Shuningdek, ushbu mahsulot samolyotsozlik, kemasozlik, avtomobilsozlik kabi qator sohalarda keng qo‘llanilmoqda. Qisqasi, bu texnologiya ko‘plab sohalar rivojida inqilob yasadi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Gapimning isboti sifatida sizga yana dalil keltiray. Odatda, avtomobilga o‘rnatilgan metan gaz balloniga 200 — 250 bosim ostida gaz quyish mumkin. Agar ballon bazaltdan olingan xom ashyodan tayyorlansa, u 800 bosimgacha gazni sig‘dira oladi.

Yana bir hayratlanarli jihati, mazkur korxonada kuniga 1,2 tonnagacha tosh eritilarkan. Buning uchun sarflangan gaz hajmi qiymati 80 ming so‘mga teng ekan.

— O‘tgan bir yil davomida ichki bozorga 30 milliard so‘mlik mahsulot sotdik, — deydi mazkur MChJ ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Xayrulla Ro‘ziboyev. — Endilikda xorijdan ham katta hajmda buyurtmalar olyapmiz. To‘liq quvvatga erishganimizdan so‘ng yiliga 3,9 million dollarlik mahsulot eksport qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

Korxonani aylanar ekanmiz, boshqaruv pultida o‘tirgan yigitni suhbatga tortamiz.

— Asli shu yerlikman, — deydi Ma’ruf Malikov. — Jizzax politexnika institutini tamomlaganman. Men bilan mehnat qilayotganlarning aksariyati forishlik yoshlar. Qishlog‘imizga yaqin joyda shunday noyob korxona quriladi, deb hech ham o‘ylamagan edim. Oylik maoshlarimiz ham yaxshi. Ota-onam o‘zga yurtlarda emas, shu yerda ishlayotganimdan juda xursand.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev viloyatga tashrifi chog‘ida hududni kompleks rivojlantirish maqsadida yaqin istiqbolda 2 milliard dollardan ortiq investitsiyalar jalb qilinib, Jizzax viloyati “sanoat xabi”ga aylantirilishini bildirdi. Bu 1 million 300 mingdan ortiq jizzaxliklar hayotida yangi davr boshlanishidan darak beradi.

Davlatimiz rahbari Mirzacho‘l tajribasini, umuman, Jizzax viloyatida amalga oshirilayotgan “Ilg‘or hudud” sinov loyihasini mamlakatimizning barcha hududida ham keng tatbiq etish borasida mutasaddilar oldiga mas’uliyatli, shu bilan birga, ijrosini kechiktirib bo‘lmaydigan muhim vazifa qo‘ydi. Jizzaxda boshlanib, yurtimiz shaharu qishloqlari, eng olis ovullarida keng quloch yozayotgan ezgu tashabbus xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirib, hududlar qiyofasining butunlay zamonaviylik kasb etishida muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz.

Maqolani to’liq matnini «Xalq so’zi» gazetasining rasmiy saytidan o’qishingiz mumkin

Yunus BO‘RONOV (“Xalq so‘zi”).

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan