«Bahor taronalari» tanlovi

“Баҳор тароналари” танлови​Jizzaxda “Bahor taronalari” an’anaviy ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Unda Navro’z ayyomi, urf-odat va udumlarimiz tarannum etilgan folklor san’ati namunalari, o‘lan va laparlar, zamonaviy kuy-qo‘shiqlar yangradi.

Jizzax viloyati madaniyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rik-tanlov bu yil ham Navro‘z bayramiga hozirlik ko‘rishdagi dastlabki muhim tadbirlardan biri bo‘ldi. Ko‘rik-tanlovning Yunus Rajabiy nomidagi musiqali drama teatrida o‘tkazilgan yakuniy bosqichida barcha tuman va shaharlarning g‘olib badiiy jamoalari, folklor guruhlari, yakkaxon ijrochilari ishtirok etdi. 

Tanlovda Forish tumani madaniyat markazi qoshidagi “Bog‘don gullari” folklor-etnografik xalq ansambli birinchi o‘rinni egalladi. Ansambl ijrosidagi tuman hududiga xos qadimiy “Yormo”, “Hay-hay, momo”, “Cho‘mongul” kabi qo‘shiq-raqslardan iborat dastur yuqori baholandi.

Ikkinchi o‘rinni Sh.Rashidov tumani “Zebomxon”, uchinchi o‘rinni Zafarobod tumani “Oypari” folklor etnografik xalq ansambllari egalladi.

Shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib taqdirlandi.

G‘oliblar va faol ishtirokchilar viloyat va tumanlarda o‘tadigan Navro‘z bayrami tantanalarida o‘z dasturlari bilan qatnashishlari tavsiya etildi.

Manba: O’zbekiston Milliy Axborot agentligi (uza.uz)

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan